Bir uyda kecha-kunduz bo'zlashadi bolalar,
Gir aylanib, onasin izlashadi bolalar.
Kattasining ohlari to'kilganda dilidan,
Iymoni bor odamning qonlar oqar dilidan.
Bu uyda kecha-kunduz bo'zlashadi bolalar,
Gir aylanib, onasin izlashadi bolalar.
Ona, ona, onajon, uyga sig'may ketyabman,
Kunduz chopib, tun chopib, sizga yetmay o'tyabman.
Devordagi osig'liq ro'molingiz yig'laydi,
Uy ichida charx urib, uvolingiz yig'laydi.
Ismimda jon yig'lar, dasturxonda non yig'lar,
Piyolada choy yig'lar, yulduz yig'lar, oy yig'lar.
Sizni kunduz axtarsam, kunduz yig'lar biz bilan,
Uydagi gul, dov-daraxt, ildiz yig'lar biz bilan.
Chohga tushgan toychoqdek talpinamiz siz tomon,
Tilni tishlab yig'laymiz, ko'rmaysizda onajon.
Onajon…
Oh, onajon, onajon, bo'zlayverib sil bo'ldim,
Borsa kelmas yo'llardan izlayverib sil bo'ldim.
Ovutolmay singlimni yig'laydilar dadam ham,
Boshin mushtlab, jonini tig'laydilar dadam ham.
Ko'rgim kelar, onajon… Ko'rgim kelar, onajon…
Ko'rgim kelar sizni…
Sizsiz dunyo qorong'u, xunuk ekan uyimiz,
Ezib qo'ydi bizni g'am, qachon o'sar bo'yimiz?
Bo'lardi-ku, onajon, o'ylasangiz bizlarni,
Kim oladi bag'riga yetim o'g'il-qizlarni?
Kichik singlim bir kuni sizni yo'qlab qolgandi,
Alamidan mast bo'lib, dadam uxlab qolgandi.
Ovutmoqchun singlimni bir o'yin topish kerak,
Eng yaxshi o'yinimiz – “oq terakmi, ko'k terak”.
Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?
Oq terakmi, ko'k terak, men kerakmi, u kerak?
Oq terakmi, ko'k terak, singlim senga kim kerak?
(Bilmaysizmi, akajon? Menga onamlar kerak!)
Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?
Singiljonim, menga ham onam, onamlar kerak.
(Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?)
Kerak…
(Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?)
Kerak…
Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?
Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?
Xudo, Xudo, Xudojon, menga onamlar kerak…
Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak?
Bir uyda kecha-kunduz bo'zlashadi bolalar,
Gir aylanib, onasin izlashadi bolalar.
Yetimlarning ohlari to'kilganda dilidan,
Iymoni bor odamning qonlar oqar dilidan.
Dilidan…
Oq terakmi, ko'k terak, bizdan sizga kim kerak…