Yuragim olovda, ko'ksim yonmoqda,
Ishonchim, ko'zni yolg'on o'ymoqda.
Bir onda xazonga aylandi bog'im,
Kechagina kulgan baxtim tonmoqda.
Unutish osonmi, kechmoq osonmi,
Sen uchun shunchalar sevgi arzonmi?
Yor eding, begona dilga aylanding,
Bergan va’dalaring yig'lab sarsonmi?
Gul edim bog'larda orzulari bor,
Bahorim boshiga yog'mas edi qor.
Nega yaproqlarim uzding bag'ritosh?
Endi bog'larimga qaytishim dushvor.
Yig'lamay deyman-u yig'lamay bo'lmas,
Sensiz yuragimni ovutib bo'lmas.
Nahot yo'llarimiz endi begona?
Taqdirim ko'nsa ham, dilginam ko'nmas.
Jonim degan eding, joning bo'lmadim,
Borim degan eding, boring bo'lmadim.
Senla tirik edim, senla bor edim,
Alamga to'ldim-u baxtga to'lmadim.
Gul edim bog'larda orzulari bor,
Bahorim boshiga yog'mas edi qor.
Nega yaproqlarim uzding bag'ritosh?
Endi bog'larimga qaytishim dushvor.