Rizqi-ro'z ishqida bir joni halak,
 Mag'ribu-mashriqni kezar jonsarak.
 Oila sha’nini tutib turguvchi,
 Tosh o'tmas qo'rg'oni bo'larkan erkak.
Umidi uzilsa qoshi-hiloldan,
 Mehr ko'rmasa gar sohibjamoldan,
 Xudo nasib etmasa jufti-haloldan,
 Sarg'ayib-sarg'ayib so'narkan erkak. {x2}
Yuragi qonini tuproqqa qorib,
 Imorat solarkan yog'ochlar yorib.
 Uzun kechalarda Haqqa yolvorib,
 Farzandiga iqbol tilarkan erkak. {x2}
Umr o'tar, kelar turnalar qaytib,
 Eski dardlar qalbin tirnalar qaytib,
 Ayoli dardini yig'lasa aytib,
 Zor yig'lab, yolg'ondan kularkan erkak. {x2}
Umr o'taverar bag'rini o'yib,
 Musibat qiynaydi, bepichoq so'yib.
 Ayolin ko'ksiga boshini qo'yib,
 Goho tik oyoqda o'larkan erkak. {x2}
Rizqi-ro'z ishqida bir joni halak,
 Mag'ribu-mashriqni kezar jonsarak.
 Oila sha’nini tutib turguvchi,
 Tosh o'tmas qo'rg'oni bo'larkan erkak. {x2}