(Yigit bo'lsang, har nafasda ogoh turgin Vatandan,
Seni sergak ko'rgan g'anim qon tupursin alamdan.
Kechgin jondan, ammo kechma qasamyoddan, qasamdan,
Iymon ketmas vatanini ona degan odamdan.)
[Shahriyor]
Mard o'g'il bo'l, mardning yuzi el oldida tiniqdir,
Nomardlarcha shaytonsifat qadri cho'pdek siniqdir.
Xoinlarku shak-shubhasiz iblislarga sherikdir,
Ne sabab ayt, Manguberdi ming yildirki tirikdir?
[Ziyoda]
O'g'lim, desin ko'krak kerib horib qolgan buzruging,
Oq sutiga rozi bo'lsin onang, qaro ko'zliging.
Oqla yegan non tuzingni, harom qilma tuzlig'ing,
Joning bilan birga ketsin, ketsa agar o'zliging.
[Shahriyor va Ziyoda]
Vatanni sotma – iymonni sotasan,
Elga ne yuz bilan ayt, keyin boqasan?
Vatanni sotma – beshikda bolang u,
Unutma zinhor, otang u, onang u,
Vatanni sotma!
[Shahriyor]
Manqurtlarning ko'chasiga kirib qolma aldanib,
Keyin afsus-nadomatlar urib qolma aldanib.
Yosh umringni xazon qilma, so'nib qolma aldanib,
Jahannamga sen ravona bo'lma, jannat axtarib.
[Ziyoda]
Chaman turib, tikonzorlar qidirmagin, ko'zni och,
Jigarlaring tik qaddini sindirmagin, ko'zni och.
Inson bo'lgin, san tufayli to'kilmasin bitta soch,
Solih farzand ota-ona boshidagi oltin toj.
[Shahriyor va Ziyoda]
Vatanni sotma – iymonni sotasan,
Elga ne yuz bilan ayt, keyin boqasan?
Vatanni sotma – beshikda bolang u,
Unutma zinhor, otang u, onang u,
Vatanni sotma!
[Shahriyor]
Qadriga yet, ko'zga surgin tabarruk tuprog'ingni,
Tinch kuningni, hech kimda yo'q musaffo osmoningni.
Farishtalar tark etmasin uyingni, qo'rg'oningni,
Qorachig'ingday asragin sen O'zbekistonni!
[Shahriyor va Ziyoda]
Vatanni sotma – iymonni sotasan,
Elga ne yuz bilan ayt, keyin boqasan?
Vatanni sotma – beshikda bolang u,
Unutma zinhor, otang u, onang u, (x2)
Vatanni sotma!