Siz yashagan hovlilarga
Borolmayman, onajon.
Borsam, yayrab borligingizday
Kulolmayman, onajon.
Siz baxsh etgan bu bag'rimning
Bag'riga toshlar sindi.
U toshlarga boshim urib,
Yorolmayman, onajon.
U toshlarga boshim urib-ey,
Yorolmayman, onajon.
Onajonim, mehribonim,
Jannatlarga yetdingizmu?
Bu bevafo dunyolarga
Meni tashlab ketdingizmu?
U uylarga endi menga
Boradigan yo'llar yo'q,
Bir ko'rpacha to'shaguncha
Kutadigan sabrim yo'q.
U uylarning to'shaklari
Nahot shuncha yupqadir?
Yupqalashib ketdimi yo
Bilolmayman, onajon.
Onajonim, mehribonim,
Jannatlarga yetdingizmu?
Bu bevafo dunyolarga
Meni tashlab ketdingizmu?
Borsam, qizim keldingmi, deb
Chiqolmaysiz, onajon.
Bo'ylaringdan o'rgilay, deb
Turolmaysiz, onajon.
Peshonamni silab-siypab,
O'polmaysiz, onajon.
Bir ko'ray deb borsam agar,
Topolmayman, onajon.
Onajonim, mehribonim,
Jannatlarga yetdingizmu?
Bu bevafo dunyolarga
Meni tashlab ketdingizmu?
Bir ko'ray deb borsam agar,
Topolmayman, onajon.