Kuyla, deb sozimni tutqazing qo'lga,
Kuylayman qalbimdan, jon-jondan, biling.
Vatanim – bag'ri keng, serquyosh o'lka,
O'zbekiston degan bo'stondan biling.
Bu yurtni shunchaki sevmoqlik kamdir,
Shunchaki taftini sezmoqlik kamdir.
Opamdir, singlimdir, akam, ukamdir,
Barchamiz bir jondan, bir qondan, biling.
Jonim O'zbekistonim, jonim O'zbekistonim,
Jonim O'zbekistonim, jonim O'zbekistonim.
Osoyishta qilgan kunduzu kechin,
Askarlarin ko'ring quvvatin, kuchin.
Tinchliksevar bu el farzandi uchun
Alloh bergan cheksiz imkondan biling.
Yoshi ulug'larga e’zoz, hurmatni,
Insoniylik ramzi – qadru qimmatni,
Mehr-muruvvatni, xayru himmatni
Bilmasangiz, oqil sarbondan biling.
Jonim O'zbekistonim, jonim O'zbekistonim,
Jonim O'zbekistonim, jonim O'zbekistonim.
O'zga el turmushin qilganda orzu,
Biling, har joyda bor toshu tarozi.
Kimki bu so'zlarga bo'lmasa rozi,
Qalbingiz o'rtagan armondan biling.
Boriga ko'nmaslar ko'zlab ko'proqni,
Tanimaslar nahot qora va oqni?
Shu aziz, muqaddas ona tuproqni
Qadrini bog'bondan, dehqondan biling.
Shu yurtda tug'ildim, shodman ko'ngildan,
Roziman o'tkizgan har ondan, biling.
Sevgimni aytaman yurakdan, dildan,
Vatanni sevmoqlik iymondan, biling.
Jonim O'zbekistonim, jonim O'zbekistonim,
Jonim O'zbekistonim, jonim O'zbekistonim. (x2)