Parvo qilmam qizlar yig'lasa,
Balkim yoshlik tuyg'usidir ul.
Balkim yoshlik tuyg'usi emas,
Erkalikning belgisidir ul.
Lekin ko'nglim berolmas bardosh,
O'ksib agar yigit yig'lasa.
Yigit asli yig'lamas, biroq
Yomon agar yigit yig'lasa.
Bu dunyoning qo'rg'oni obod,
Yigit bilan tirikdir hayot.
Gar bosh egib qolsa o'g'loni,
Paydo bo'lar shu yurtda sayyod.
Hech bir yigit chekmasin faryod,
Yomon agar yigit yig'lasa.
Vatan yig'lar, Vatan yig'lar,
Vatan yig'lar yigit yig'lasa.
Yomon, yomon yigit yig'lasa,
Tog'lar cho'kib kul bo'lgusidir.
Bog'lar xazon, gullar za’faron,
Yurt dushmanga yo'l bo'lgusidir.
Boshda sirtmoq, oyoqda zanjir,
Xalq dushmanga qul bo'lgusidir.
Ey Sadoiy, yigit yig'lasa,
Hayhot, agar yigit yig'lasa.
Vatan yig'lar, Vatan yig'lar,
Vatan yig'lar yigit yig'lasa. (x2)
Vatan yig'lar yigit yig'lasa…